Автор работы: Пользователь скрыл имя, 05 Февраля 2014 в 17:57, реферат
Dunyo astronomiya fani taraqqiyotida o‘rta asr Sharq astronomiyasi, jumladan, Markaziy Osiyo olimlarining faoliyati alohida o‘rin tutadi. Bu davrda, ayniqsa, Quyosh, Oy va sayyoralarning harakat nazariyasi, amaliy astronomiyaning vaqt va joyning geografik koordinatalarini aniqlashga doir masalalari bo‘yicha O‘rta Osiyo, xususan, o‘zbek allomalari juda boy meros qoldirdilar. Bu davrda musulmon mamlakatlarining yuzlab buyuk mutafakkirlari astronomiya, matematika va falsafa fanlari bo‘yicha tadqiqot ishlari bilan mashg‘ul bo‘ldilar. Ular ichida Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Abu Nasr al-Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Umar Xayyom, Abu Mahmud Hamid al-Xo‘jandiy, Nasiruddin at-Tusiy, Mahmud al-Chag‘miniy, Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Ulug‘bek kabi mashhur siymolar o‘z ijodlari, ilmiy meroslari bilan Markaziy Osiyo xalqlarininggina emas, balki dunyo xalqlarining boyligiga aylanib, bugun jahonning barcha ellari orasida hurmat bilan tilga olinadilar.